← Bosh sahifaga qaytish

Bemorlar uchun

Tushunarli tibbiy
ma’lumotlar kutubxonasi

Kasalliklar, zamonaviy amaliyotlar va xavfsiz mashqlar haqida dalillarga asoslangan batafsil ma’lumotlar — barchasi bir joyda, mavzu bo‘yicha qidirish imkoniyati bilan.

Yo‘nalish bo‘yicha
Tanlangan yo‘nalishOrtobiologiya

PRP, BMAC, SVF va hujayra terapiyasiga oid amaliyotlar.

6 ta material topildi

01BMAC (suyak ko'migi konsentrati)

BMAC — bemorning o'z suyak ko'migidan (ko'pincha yonbosh suyagidan) olingan suyuqlikni maxsus sentrifugada qayta ishlab, tarkibidagi hujayra va o'sish omillarini konsentratsiyalash orqali tayyorlanadigan biologik preparat. Ya'ni bu «begona» dori emas — bemorning o'z to'qimasi. Tarkibida mezenximal o'zak hujayralar, o'sish omillari va yallig'lanishni tartibga soluvchi moddalar bo'ladi. Butun jarayon bir kunda, ko'pincha operatsiya davomida bajariladi. BMAC eng ishonchli natijani ikki holatda ko'rsatgan: son suyagi boshchasining erta bosqichdagi nekrozida (dekompressiya bilan birga) va suyakning bitmasligida (soxta bo'g'im, nonunion).

Boshqa yo'nalishlar — tizza artrozi va tog'ay nuqsonlarida — istiqbolli, ammo hozircha dalillar qarama-qarshi: ko'p tadqiqotlar og'riqning kamayishini ko'rsatadi, lekin tog'ayning haqiqatan qayta tiklanishi ishonchli isbotlanmagan. Shuning uchun BMAC endoprotezlash o'rnini bosmaydi va og'ir, kech bosqichdagi artrozda tavsiya etilmaydi. Kimlarda yaxshi ishlaydi? Nisbatan yosh, bo'g'im o'qi to'g'ri, artrozi boshlang'ich-o'rta bosqichdagi, vazni nazoratdagi va reabilitatsiyaga tayyor bemorlarda. Qarshi ko'rsatmalar: faol infeksiya, qon kasalliklari va o'smalar, homiladorlik. Muolaja sterillik sharoitida, tajribali mutaxassis tomonidan va aniq protokol asosida bajarilishi kerak; bemorga kutilayotgan natija haqida real ma'lumot berish shart.

Ilmiy manbalar 5

1. Hernigou P, Poignard A, Beaujean F, Rouard H. Percutaneous autologous bone-marrow grafting for nonunions. J Bone Joint Surg Am. 2005;87(7):1430-1437.

2. Chahla J, Dean CS, Moatshe G, et al. Concentrated Bone Marrow Aspirate for the Treatment of Chondral Injuries and Osteoarthritis of the Knee: A Systematic Review. Orthop J Sports Med. 2016;4(1):2325967115625481.

3. Piuzzi NS, Chahla J, Schrock JB, et al. Evidence for the Use of Cell-Based Therapy for the Treatment of Osteonecrosis of the Femoral Head: A Systematic Review. J Arthroplasty. 2017;32(5):1698-1708.

4. Gianakos AL, Sun L, Patel JN, Adams DM, Liporace FA. Clinical application of concentrated bone marrow aspirate in orthopaedics: A systematic review. World J Orthop. 2017;8(6):491-506.

5. Murray IR, Geeslin AG, Goudie EB, Petrigliano FA, LaPrade RF. Minimum Information for Studies Evaluating Biologics in Orthopaedics (MIBO). J Bone Joint Surg Am. 2017;99(10):809-819.

02SVF (yog' to'qimasidan olingan stromal-vaskulyar fraksiya)

SVF — bemorning o'z yog' to'qimasidan (odatda qorin yoki son sohasidan liposaksiya orqali) olingan va maxsus qayta ishlangan hujayralar aralashmasi. Yog' to'qimasi mezenximal hujayralarga suyak ko'migiga qaraganda ancha boy, olish esa nisbatan oson va kam og'riqli. Tayyorlangan konsentrat bo'g'im ichiga yuboriladi. Nazariy asosi shuki, bu hujayralar yallig'lanishni kamaytiruvchi va to'qima muhitini yaxshilovchi moddalar ishlab chiqaradi. Amalda ko'plab tadqiqotlarda tizza artrozi bo'lgan bemorlarda og'riqning kamayishi va funksiyaning yaxshilanishi qayd etilgan.

Ammo to’g’rsini aytganda: SVF hozircha yangi yo'nalish sanaladi. Tadqiqotlarning ko'pchiligi kichik hajmli, tayyorlash usullari va hujayra miqdori markazdan markazga farq qiladi, uzoq muddatli natijalar yetarli o'rganilmagan. Shuning uchun jahon ortopediya jamiyatlari SVFni standart davolash sifatida hali tavsiya qilmaydi va uni «tog'ayni qayta o'stiradi» deb va'da qilish to’g’ri emas. Kimlarda o’tkazamiz? Yosh yoki o'rta yoshli, artrozi boshlang'ich-o'rta bosqichda bo'lgan, protezlash uchun hali erta bo'lgan va konservativ davodan yetarli natija olmagan bemorlarda. Qarshi ko'rsatmalar: faol infeksiya, onkologik kasalliklar, homiladorlik, og'ir kech bosqichdagi artroz. Muolaja litsenziyalangan muassasada, sterillik va aniq protokol bilan bajarilishi shart.

Ilmiy manbalar 5

1. Jones IA, Togashi R, Wilson ML, Heckmann N, Vangsness CT. Intra-articular treatment options for knee osteoarthritis. Nat Rev Rheumatol. 2019;15(2):77-90.

2. Bora P, Majumdar AS. Adipose tissue-derived stromal vascular fraction in regenerative medicine: a brief review on biology and translation. Stem Cell Res Ther. 2017;8(1):145.

3. Pak J, Lee JH, Park KS, Park M, Kang LW, Lee SH. Current use of autologous adipose tissue-derived stromal vascular fraction cells for orthopedic applications. J Biomed Sci. 2017;24(1):9.

4. Hong Z, Chen J, Zhang S, et al. Intra-articular injection of autologous adipose-derived stromal vascular fractions for knee osteoarthritis: a double-blind randomized self-controlled trial. Int Orthop. 2019;43(5):1123-1134.

5. Murray IR, Geeslin AG, Goudie EB, Petrigliano FA, LaPrade RF. Minimum Information for Studies Evaluating Biologics in Orthopaedics (MIBO). J Bone Joint Surg Am. 2017;99(10):809-819.

03PRP (trombositlarga boy plazma)

PRP — bemorning venasidan olingan qonni sentrifugada aylantirib, trombositlarga boy qismini ajratib olish orqali tayyorlanadigan preparat. Trombositlar tarkibida to'qimalarni tiklashga yordam beruvchi o'sish omillari mavjud. Bu konsentrat bo'g'im ichiga yoki shikastlangan pay atrofiga yuboriladi. Ortopediyada PRP eng ko'p uch holatda qo'llaniladi: tizza artrozi, surunkali tendinopatiyalar (tirsak «epikondiliti», Axil payi, tovon payi) va ba'zi jarrohlik amaliyotlarida qo'shimcha sifatida. Muolaja ambulator, 20-30 daqiqa davom etadi va bemorning o'z qonidan tayyorlangani uchun allergiya xavfi juda past.

Dalillar qanday? Tizza artrozida bir qator meta-tahlillar PRPning og'riqni kamaytirishda gialuron kislotadan va platsebodan ustunroq bo'lishi mumkinligini ko'rsatgan, biroq yirik va sifatli RCT (masalan, RESTORE) platsebodan sezilarli farq topmagan. Ya'ni PRP ba'zi bemorlarda yaxshi ishlaydi, hammada emas. Eng yaxshi natija: 50-60 yoshgacha, artrozi yengil yoki o'rta bosqichda, vazni nazoratda va bo'g'imida kuchli deformatsiya bo'lmagan bemorlarda. Kech bosqichdagi og'ir artrozda samara kutish o'rinsiz. Qarshi ko'rsatmalar: faol infeksiya, qon kasalliklari, trombositlar sonining pastligi, onkologik jarayon, homiladorlik. Muolajadan oldin 5-7 kun yallig'lanishga qarshi dorilarni to'xtatish tavsiya etiladi.

Ilmiy manbalar 5

1. Bennell KL, Paterson KL, Metcalf BR, et al. Effect of Intra-articular Platelet-Rich Plasma vs Placebo Injection on Pain and Medial Tibial Cartilage Volume in Patients With Knee Osteoarthritis (RESTORE). JAMA. 2021;326(20):2021-2030.

2. Dai WL, Zhou AG, Zhang H, Zhang J. Efficacy of Platelet-Rich Plasma in the Treatment of Knee Osteoarthritis: A Meta-analysis of Randomized Controlled Trials. Arthroscopy. 2017;33(3):659-670.

3. Filardo G, Previtali D, Napoli F, et al. PRP Injections for the Treatment of Knee Osteoarthritis: A Meta-Analysis of Randomized Controlled Trials. Cartilage. 2021;13(1_suppl):364S-375S.

4. de Vos RJ, Weir A, van Schie HT, et al. Platelet-rich plasma injection for chronic Achilles tendinopathy: a randomized controlled trial. JAMA. 2010;303(2):144-149.

5. Jones IA, Togashi R, Wilson ML, Heckmann N, Vangsness CT. Intra-articular treatment options for knee osteoarthritis. Nat Rev Rheumatol. 2019;15(2):77-90.

04ACP (autologik konsentrlangan plazma)

ACP — PRP oilasiga mansub, lekin alohida turdagi preparat. Uni tayyorlashda bemorning qoni ikki kamerali maxsus shprits yordamida bir marta, yumshoq rejimda sentrifugalanadi. Natijada leykositlar deyarli bo'lmagan («leykositsiz») va trombositlar o'rtacha darajada konsentratsiyalangan tiniq plazma olinadi. Nima uchun bu muhim? Chunki leykositlar ko'p bo'lgan preparatlar bo'g'im ichida yuborilganda ba'zan kuchliroq yallig'lanish reaksiyasi va muolajadan keyingi og'riqni chaqiradi. Shuning uchun bo'g'im ichi in'eksiyalarida leykositsiz variantlar ko'pincha afzal ko'riladi.

ACP odatda 3 marta, haftada bir martadan yuboriladi. Tadqiqotlarda tizza artrozining boshlang'ich va o'rta bosqichlarida og'riqning kamayishi va funksiyaning yaxshilanishi 6-12 oygacha saqlanishi ko'rsatilgan; ba'zi solishtirma tadqiqotlarda ACP gialuron kislotadan yaxshiroq natija bergan. Kimlarga mos? Faol hayot tarzidagi, artrozi yengil-o'rta darajadagi, hali protezlashga ko'rsatma bo'lmagan bemorlar; shuningdek surunkali tendinopatiyalar. Kimlarga mos emas: og'ir deformatsiyali kech bosqich artroz, faol infeksiya, qon kasalliklari, onkologik jarayon, homiladorlik. Muhim eslatma: ACP kasallikni «davolamaydi» va tog'ayni qayta o'stirmaydi — u og'riqni kamaytirib, mashq terapiyasi va vazn nazorati bilan birga ishlaganda eng foydali bo'ladi.

Ilmiy manbalar 5

1. Smith PA. Intra-articular Autologous Conditioned Plasma Injections Provide Safe and Efficacious Treatment for Knee Osteoarthritis: A Randomized, Double-Blind, Placebo-Controlled Clinical Trial. Am J Sports Med. 2016;44(4):884-891.

2. Cole BJ, Karas V, Hussey K, Pilz K, Fortier LA. Hyaluronic Acid Versus Platelet-Rich Plasma: A Prospective, Double-Blind Randomized Controlled Trial. Am J Sports Med. 2017;45(2):339-346.

3. Mautner K, Malanga GA, Smith J, et al. A call for a standard classification system for future biologic research: the rationale for new PRP nomenclature. PM R. 2015;7(4 Suppl):S53-S59.

4. Filardo G, Previtali D, Napoli F, et al. PRP Injections for the Treatment of Knee Osteoarthritis: A Meta-Analysis of Randomized Controlled Trials. Cartilage. 2021;13(1_suppl):364S-375S.

5. Riboh JC, Saltzman BM, Yanke AB, Fortier L, Cole BJ. Effect of Leukocyte Concentration on the Efficacy of Platelet-Rich Plasma in the Treatment of Knee Osteoarthritis. Am J Sports Med. 2016;44(3):792-800.

05Tizzaga gialuron kislota yuborish

Gialuron kislota — sog'lom bo'g'im suyuqligining tabiiy tarkibiy qismi. U suyuqlikni «quyuq va sirg'anchiq» qilib, bo'g'im yuzalarining silliq harakatini ta'minlaydi va zarbani yumshatadi. Artrozda bu moddaning miqdori va sifati pasayadi. Shuning uchun uni tashqaridan bo'g'im ichiga yuborish — «viskosuplementatsiya» deb ataladi, ya'ni bo'g'imni «moylash». Muolaja ambulator sharoitda, sterillik qoidalariga rioya qilgan holda bajariladi. Preparat turiga qarab bir marta yoki 3-5 marta haftada bir martadan yuboriladi. Ta'sir darhol emas, odatda 2-5 hafta ichida seziladi va bir necha oygacha davom etishi mumkin.

Dalillar bo'yicha ochiq gapirish kerak: ba'zi meta-tahlillar o'rtacha foyda ko'rsatgan bo'lsa, boshqa yirik tahlillar (masalan, BMJ 2022) ta'sir platsebodan klinik jihatdan sezilarli farq qilmasligini ko'rsatgan. Shuning uchun xalqaro tavsiyalarda bu muolaja «shartli» maqomga ega — ya'ni har doim emas, tanlangan bemorlarda qo'llaniladi. Kimlarda yaxshi ishlaydi? Artrozi yengil yoki o'rta bosqichda, bo'g'imida kuchli suyuqlik yig'ilishi va deformatsiya bo'lmagan, yallig'lanishga qarshi dorilarni qabul qila olmaydigan (oshqozon yoki buyrak muammosi bor) bemorlarda. Kech bosqichda va bo'g'im shakli buzilganda deyarli foyda bermaydi. Qarshi ko'rsatmalar: teridagi yoki bo'g'imdagi infeksiya, preparatga allergiya. Eng muhimi — in'eksiya mashq terapiyasi va vazn nazoratining o'rnini bosmaydi.

Ilmiy manbalar 5

1. Pereira TV, Juni P, Saadat P, et al. Viscosupplementation for knee osteoarthritis: systematic review and meta-analysis. BMJ. 2022;378:e069722.

2. Rutjes AW, Juni P, da Costa BR, et al. Viscosupplementation for osteoarthritis of the knee: a systematic review and meta-analysis. Ann Intern Med. 2012;157(3):180-191.

3. Bannuru RR, Natov NS, Dasi UR, Schmid CH, McAlindon TE. Therapeutic trajectory following intra-articular hyaluronic acid injection in knee osteoarthritis. Osteoarthritis Cartilage. 2011;19(6):611-619.

4. Jevsevar D, Donnelly P, Brown GA, Cummins DS. Viscosupplementation for Osteoarthritis of the Knee: A Systematic Review of the Evidence. J Bone Joint Surg Am. 2015;97(24):2047-2060.

5. Bannuru RR, Osani MC, Vaysbrot EE, et al. OARSI guidelines for the non-surgical management of knee, hip, and polyarticular osteoarthritis. Osteoarthritis Cartilage. 2019;27(11):1578-1589.

06Tizza blokadasi (bo'g'im ichiga gormon yuborish)

Blokada — bo'g'im ichiga yoki og'riq manbai atrofiga yallig'lanishga qarshi kuchli dori (odatda kortikosteroid) va mahalliy og'riqsizlantiruvchi moddani yuborish. Uning asosiy vazifasi — kuchli yallig'lanish va og'riqni tez susaytirish. Ta'siri odatda bir necha kun ichida boshlanadi va 4-12 hafta davom etadi. Blokada, ayniqsa, bo'g'imda suyuqlik yig'ilgan, issiq va shishgan «alangalanish» davrida foydali: og'riq kamayganda bemor mashq terapiyasini boshlay oladi. Ya'ni blokada — davolashning yakuni emas, balki reabilitatsiyaga yo'l ochadigan «deraza».

Xavfsizlik masalasi muhim. Kortikosteroidni tez-tez yuborish zararli bo'lishi mumkin: bir tadqiqotda har 3 oyda ikki yil davomida yuborilgan gormon tog'ayning yupqalashishini kuchaytirgani ko'rsatilgan; boshqa kuzatuvlarda kasallikning tezlashuvi va nekroz holatlari qayd etilgan. Shuning uchun umumiy amaliy qoida — yiliga 3-4 martadan oshirmaslik va in'eksiyalar orasida kamida 3 oy tanaffus qilish. Endoprotezlash rejalashtirilgan bo'lsa, operatsiyadan oldingi 3 oy ichida bo'g'imga gormon yuborish infeksiya xavfini oshirgani uchun tavsiya etilmaydi. Qarshi ko'rsatmalar: bo'g'imdagi yoki teridagi infeksiya, nazoratsiz qandli diabet (qand keskin ko'tarilishi mumkin), preparatga allergiya. Muolaja albatta steril sharoitda va tajribali shifokor tomonidan bajarilishi kerak.

Ilmiy manbalar 5

1. McAlindon TE, LaValley MP, Harvey WF, et al. Effect of Intra-articular Triamcinolone vs Saline on Knee Cartilage Volume and Pain in Patients With Knee Osteoarthritis. JAMA. 2017;317(19):1967-1975.

2. Juni P, Hari R, Rutjes AW, et al. Intra-articular corticosteroid for knee osteoarthritis. Cochrane Database Syst Rev. 2015;(10):CD005328.

3. Kompel AJ, Roemer FW, Murakami AM, et al. Intra-articular Corticosteroid Injections in the Hip and Knee: Perhaps Not as Safe as We Thought? Radiology. 2019;293(3):656-663.

4. Bannuru RR, Osani MC, Vaysbrot EE, et al. OARSI guidelines for the non-surgical management of knee, hip, and polyarticular osteoarthritis. Osteoarthritis Cartilage. 2019;27(11):1578-1589.

5. Kolasinski SL, Neogi T, Hochberg MC, et al. 2019 ACR/AF Guideline for the Management of Osteoarthritis of the Hand, Hip, and Knee. Arthritis Rheumatol. 2020;72(2):220-233.

Individual konsultatsiya

Savollaringiz bo‘yicha mutaxassis bilan bog‘laning.

Qabulga yozilish

Konsultatsiyaga ariza qoldiring

Ma’lumotlaringizni qoldiring — qisqa vaqt ichida siz bilan bog‘lanamiz.